Buyuk olim Albert Eynshteyn tilini ko‘rsatib turib tushgan mashhur fotosurat 27-iyul kuni kimoshdi savdosiga qo‘shildi. Bu haqda, Nate D. Sanders Auctions auksion uyining bayonotiga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Suratga Eynshteynning o‘zi imzo qo‘ygan. Fotoning ilgarigi nusxalari 44 ming dollardan ortiq narxga sotilgan edi.
Fotosuratni Artur Sasse Eynshteynning 72 yoshiga bag‘ishlangan ziyofatdan so‘ng tushirgan. Kun bo‘yi charchagan fizik olim endi mashinaga o‘tirganida suratkash unga yaqinlashib, undan suratga olish uchun ruxsat so‘ragan. Fizik unga qarab, tilini ko‘rsatgan. Ziyofatda tushirilgan ko‘plab fotosuratlar orasida aynan shunisi olimga ma’qul tushgan va u fotosuratning ko‘plab nusxalarini buyurtma qilib, tabrik xatlariga ilova qilib yuborishni odat qilgan.
Fotosuratning ko‘pgina nusxalari kesib, unda faqat Eynshteynning o‘zi qoldirilgan. Sotuvga qo‘yilayotgan nusxaning o‘ziga xosligi shundaki, unda Eynshteynning hamrohlari —Prinstondagi istiqbolli tadqiqotlar instituti direktori Frenk Eydelott hamda unin rafiqasi Mari Janett ham ko‘ringan.
Izoh (0)