Gruziya poytaxti Tbilisi shaxmat bo‘yicha Jahon kubogiga mezbonlik qiladi. Dunyoning eng sara grossmeysterlari 2—27-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan festivalda jam bo‘ladi.
Jahon kubogi uchun 128 nafar grossmeyster kurash olib boradi. Ular orasida mundialning amaldagi g‘olibi Magnus Karlsen ham bor, deb yozdi “Olamsport”. Norvegiyalik shaxmatchi o‘z ishtiroki haqida rasman ma’lum qilib ulgurgan.
O‘zbekistonlik eng mashhur grossmeyster, 17-jahon chempioni Rustam Qosimjonov Tbilisiga bormaydi. Mintaqaviy saralash bellashuvlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Jahongir Vohidov Jahon kubogida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan yagona shaxmatchi bo‘ladi.
Reglamentga ko‘ra, Jahon kubogi nokaut tizimida o‘tkaziladi. Ya’ni, 128 nafar shaxmatchining har biri mag‘lubiyatidan keyin turnirni tark etaveradi. Bunda ishtirokchilar raqibiga qarshi ikki partiyada dona suradi. Kuchlar teng kelib qolsa, tay-brek match o‘tkaziladi.
Berilgan ma’lumotga ko‘ra, hal qiluvchi o‘yinda dona surgan ikki grossmeyster Jahon Toji uchun da’vogarlar ro‘yxatiga qo‘shiladi va kelasi yil mana shu nufuz uchun kurashga kiradi. Final 4 ta partiyadan iborat bo‘ladi.
Izoh (0)