Lenivets daraxtlarda o‘rmalab, barglar bilan ovqatlanadigan, yerda yurishga yaxshi moslashmagan sutemizuvchi hayvondir. U doim uxlashi rostmi? Nega juda sekin harakatlanadi? Yerda yuradimi? National Geographic nashri jurnalistlari Yelena Srapyan va Aleksandr Fyodorov Kosta-Rikaga safar uyushtirib, olimlar bilan muloqot qildi va bu yoqimtoy jonivorlar haqida g‘aroyib faktlarni to‘pladi.
Lenivetslar har xil bo‘ladi
Dunyoda lenivetslarning ikki oilasi — ikki barmoqli va uch barmoqli oilalari mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida umumiylik kam. Ikki barmoqli lenivetsning vazni 9 kilogrammga yetadi, ular xom mevalar bilan ham oziqlanadi, shuning uchun juda o‘tkir tishlarga ega. Uch barmoqli lenivetslar esa kichikroq, oq-qora tusda bo‘lib, faqat barglar bilan oziqlanadi, shu sababdan o‘tkir tishlari yo‘q. Dastlab ikki barmoqli va uch barmoqli lenivetslar bitta Bradypodidae oilasiga birlashtirilgan, biroq tadqiqotlar ularning o‘xshashligi bir xil muhitga moslashish oqibati, ikki oila evolyutsiyasi esa turli yo‘llar bilan kechganligini ko‘rsatadi.
Olimlar lenivetslar haqida deyarli hech narsa bilmaydi
Lenivets necha yil umr ko‘radi? U qanday harakatlanadi? Nega faqat o‘zi oziqlanadigan narsalarni iste’mol qiladi? U qanchalik aqlli? Bu va boshqa ko‘plab savollarga zoologlarda hozircha aniq javob yo‘q. Ayniqsa bu ikki barmoqli lenivetslarga taalluqli: uch barmoqlilar onda-sonda o‘rganiladi: ular ko‘proq do‘stona munosabatda bo‘lib, olimlarga zarur asboblarni kiydirish imkonini beradi.
Odamlar lenivetslarni jahldor va iflos hayvonlar deb hisoblaydi
Bu haqda gapirish qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, Kosta-Rika va Panama aholisi yaqin vaqtlarga qadar lenivetslarni iflos, tajovuzkor va xavfli hayvon deb hisoblab kelgan. Aslida esa ular eng yoqimtoy jonivorlar bo‘lib, ekinlarga zarar yetkazmaydi, odamlarga hujum qilmaydi va odamlar kasalliklarini tarqatmaydi.
Lenivetslar uyquchi emas
Odatda lenivetslar kuniga 12—14 soat uyg‘oq bo‘ladi — bu aksariyat odamlarnikidan kam emas. Biroq ular sekin harakatlanish va doimiy ravishda dam olib turishga majbur: lenivets ozuqasi juda past kaloriyali bo‘lib, uni ulkan oshqozonning to‘rtta bo‘limida hazm qilish bir oy vaqt talab qiladi. Shuning uchun quvvatni tejashga to‘g‘ri keladi.
Lenivetslar juda kuchli
Lenivetslar tanasining atigi 20 foizini mushaklar tashkil qiladi: taqqoslash uchun voyaga yetgan odam tanasining 35—50 foizi mushaklardan iborat. Biroq shunga qaramasdan, lenivetslar juda kuchli: ular boshini pastga qilib, holatini o‘zgartirmasdan bir sutkadan ortiq osilib turishi mumkin.
Lenivets haftada bir marta hojatga chiqadi
Lenivetslar butun hayotini daraxtlarda o‘tkazadi. Biroq hojatga chiqish uchun lenivets pastga tushishi lozim. Uning o‘z daraxti ostiga ko‘mgan chiqarindisi boshqa turlarga bu yer bandligini anglatadi. Yer ular uchun juda xavfli, shuning uchun katta yoshli lenivetslar haftasiga bir marta (bir martada bir kilogrammgacha) hojatga chiqadi.
Suv ichmaydi
Lenivetslar zarur namlikni ozuqadan — barglar va yashil mevalardan oladi.
Lenivetslar yerda yurishni deyarli bilmaydi
200 ming yil boshingni pastga qilib osilib turgan bo‘lsang, oyoqda ishonch bilan turish qiyin. Shu tufayli lenivets yerda emaklab harakatlanadi. Bunday lahzalarda ular bardan uyiga yetishga qodir bo‘lmagan piyonistani eslatadi.
Lenivetsning homiladorligini ko‘z bilan payqash imkonsiz
Ularning bolasi shunchalik kichkina bo‘lib tug‘iladiki, urg‘ochi lenivetsning homiladorligini faqat UTT yordamida aniqlash mumkin. Shunga qaramasdan homila 11 oy davomida shakllanadi, yangi tug‘ilgan lenivets jun qoplami, to‘liq rivojlangan tishlar, ko‘zlar, quloqlar va hayotiy muhim tizimlarga ega bo‘ladi.
Lenivets metabolizmi insonlarnikiga qaraganda tezroq
Sustkashligiga qaramasdan, lenivetslar jarohati insonlarnikiga qaraganda ikki marta tezroq tuzaladi. Lenivetslarning o‘sishi ham tezroq.
Lenivets ko‘proq sovqotadi
Lenivetslar havo harorati kamdan-kam 30 darajadan pasayuvchi yomg‘irli o‘rmonlarda yashaydi. Shuning uchun ko‘pchilikda savol paydo bo‘ladi: nega ular bunchalik paxmoq? Javob oddiy: lenivetslar deyarli harakatlanmaydi, shuning uchun ular boshqa hayvonlarga qaraganda ko‘proq sovqotadi.
Lenivetslarning asosiy dushmani — ulkan dovul qushi
Lenivetslar baland daraxtlarda yashaydi, shu sababdan ularga yerdagi yirtqichlarning yetishi qiyin. Aksariyat yirik qushlar uchun esa lenivets kattalik qiladi. Biroq qanotining quloch yoyishi ikki metrgacha yetadigan Amerika garpiyasi uchun emas. Biroq lenivetslarning baxtiga hozirda dovul qushi deyarli qirilib ketgan.
Deyarli barcha tillarda “len” (erinchoqlik) va “lenivets” so‘zlari qardosh so‘zlar
Lenivets yaponchada “namakemoto” deb atalib, u “daraxtda yashovchi erinchoq narsa” degan ma’noni anglatadi.
Izoh (0)