Toshkentning “Paxtakor” klubi sharafini Oliy liganing 1-davrasida himoya qilgan ikki nafar legioner — Yuritsa Bulyat va Adnan Oraxovats faoliyatini boshqa klublarda davom ettiradi. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
O‘zbekistonga tashrifining ilk yilida “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan, 2017-yilgi mavsum boshida “Paxtakor” bilan shartnoma imzolagan xorvatiyalik Yuritsa Bulyat Belarusning “BATE” klubi bilan shartnoma tuzdi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar bergan.
Adnan Oraxovats esa O‘zbekistonda qolishga qaror qildi va Samarqandning “Dinamo” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda himoyachi Instagram sahifasi orqali ma’lumot bergan.
“Paxtakor” futbolchilariga, rahbariyat va xodimlariga, muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. Biz 2,5 yil davomida bir oila bo‘ldik. Bu vaqt davomida yirik g‘alabalar, alamli mag‘lubiyatlarni boshdan kechirdik. “Paxtakor” safida Chempionlar ligasida o‘ynaganimdan, mamlakat chempioniga aylanganimdan xursandman. Endi mening yangi jamoam bor. Bu Samarqandning “Dinamo” klubi. Tarixiy shahar jamoasi sharafini himoya qilish uchun munosib o‘ynashga harakat qilaman.Adnan Oraxovats, “Dinamo” klubi a’zosi
Ma’lumot uchun, PFL legioner futbolchilar borasidagi reglamentni OFKga moslagan bo‘lib, unda 3 nafar xorijlik va 1 nafar osiyolik futbolchi bitta klubda to‘p surishi uchun ruxsat etilgan. “Paxtakor” limitni to‘ldirib bo‘lgani uchun, Oraxovats hamda Bulyatni klubda qoldira olmasdi.
Izoh (0)