Turkiya yig‘inida ishtirok etish uchun jo‘nab ketgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron va Saudiya klublariga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi mumkin. Bu haqda jamoaning birinchi mashg‘uloti haqida xabar qo‘ygan O‘FF matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yig‘in 23-iyulga qadar davom etadi. Shunga qaramay, O‘zbekiston bosh jamoasining raqiblari kim ekani hozirgacha to‘liq aniqlab olinmagan. Bungacha Samvel Babayan futbolchilarining Avstriyaga borishi belgilab olingan bo‘lib, yig‘inga bir hafta qolganida reja o‘zgarib ketgandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 31-avgust kuni Xitoyga qarshi safar va 5-sentabrda Janubiy Koreyaga qarshi uy o‘yinida ishtirok etadi. Bunga qadar xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etish rejalashtirilgan. Biroq bu boradagi raqib nomi ham hozirgacha aniq emas.
Samvel Babayan Turkiya yig‘iniga Oliy ligada o‘zini ko‘rsatgan futbolchilarni olib ketgan bo‘lib, ular orasida Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarda maydonga tushadigan futbolchilar bor ekaniga ishontirgandi.
Izoh (0)