Sankt-Peterburg tarkibiga kiruvchi Kolpino shahridagi omborda 13-iyul kuni yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lgan yetti o‘zbekistonlikning jasadlarini O‘zbekistonga olib kelishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, 13-iyuldan beri Kolpinoda bo‘lib turgan O‘zbekiston elchixonasi xodimlari 15-iyul kuni Sankt-Peterburg shahri tergov organlarining yong‘inda halok bo‘lgan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi jasadlarini aniqlash bo‘yicha tadbirlarida ishtirok etgan.
“Hozirgi vaqtda o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomalar va jasadlarni O‘zbekistonga olib kelishga ruxsat beruvchi rasmiy hujjatlar tayyorlanmoqda va boshqa tegishli choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Qayd etishlaricha, elchixona barcha masalalarni tezda hal etish maqsadida halok bo‘lganlarning oila a’zolari hamda Sankt-Peterburg va Kolpino shaharlarining tegishli tuzilmalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Izoh (0)