“Yandeks.Taksi” va Uber kompaniyalari Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya va Qozog‘istonda o‘z servislarini birlashtirishga qaror qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
“Yandeks.Taksi” bosh direktori Tigran Xudaverdyan birlashgan kompaniyaga boshchilik qiladi.
Uning matbuotga yo‘llangan xatida aytilishicha, ikkala servisning mobil dasturidan ham taksi buyurtma qilish imkoniyati saqlanib qoladi. Haydovchilar yagona platformaga birlashtiriladi, bu bir mobil dastur orqali ikkala kompaniyaning ham mijozlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.
Uber va “Yandeks.Taksi” yangi kompaniyaga tegishli ravishda 225 va 100 million dollar investitsiya kiritishga qaror qildi. Birlashgan kompaniya 3,725 milliard dollarga baholanmoqda.
Yangi kompaniyaning nazorat aksiyalari paketi (59,3 foiz) “Yandeks”ga tegadi, 36,6 foiz Uber’da bo‘ladi, qolgan 4,1 foiz esa ikki kompaniya xodimlari o‘rtasida taqsimlanadi.
Kelishuv hali regulyatorlar tomonidan ma’qullanishi kutilmoqda.
Izoh (0)