13-iyul kuni Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida 15-iyul kuni Turkiyada ro‘y bergan muvaffaqiyatsiz harbiy to‘ntarishga bag‘ishlangan tadbir uyushtirildi. Bu haqda “Daryo”ning o‘z muxbiri ma’lum qildi.
Tadbirga Turkiyaning TRT telekanali hamda O‘zbekiston MTRK xodimlari taklif etildi. Shuningdek, mamlakatning yetakchi gazetalari va internet-nashrlari muxbirlari suhbat uchun to‘plandi.
Matbuot anjumanini Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ahmat Bashar Shen ochib berdi. U tashrif buyurganlarni qutlab, tadbir mavzusiga kirish qilib berdi.
Shundan so‘ng Anadolu agentligi tomonidan to‘ntarish haqida tayyorlangan kichik videolavha, shuningdek, o‘sha kunlarda Turkiyaning turli shaharlarida olingan fotosuratlar namoyish etildi.
Jurnalistlarning savollariga javob berarkan, elchi muxolif siyosatchi Fathulloh Gulen tomonidan yaratilgan xalqaro jinoiy tarmoq Turkiyadan boshqa davlatlarda ham faoliyat yuritishini hamda birinchi bo‘lib O‘zbekiston undan kelayotgan tahdidni tushunib, tarmoqning mamlakatda ildiz otishiga hech qanday imkon bermaganini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilariga terrorning mudhish oqibatlarini ko‘rsatuvchi esdalik sifatida isyonchilar tomonidan o‘qqa tutilib, vayron qilingan parlament binosidan to‘plangan siniqlardan namunalar tuhfa etildi.
Izoh (0)