Ravshan Haydarov boshchilik qilayotgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Qatarda o‘tayotgan Three Nations Tournament musobaqasida g‘oliblikni muddatidan oldinroq qo‘lga kiritdi, deb yozdi O‘FF matbuot xizmati.
Turnirda Qatar, Qirg‘iziston va O‘zbekiston terma jamoalari ishtirok etayotgan bo‘lib, reglamentga ko‘ra ular bir-biri bilan ikki martadan to‘qnash kelishi kerak edi. Birinchi davrada O‘zbekiston yoshlar termasi har ikki raqibni ham bir xilda — 1:0 hisobida taslim qildi.
Kecha — 5-iyul kuni Qirg‘izistonga qarshi takroriy o‘yin bo‘lib, unda va “Nasaf” hujumchisi Bobur Abduxoliqovning dubli o‘zbekistonliklarning 2:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa 9 ochko jamg‘argan va o‘z darvozasidan birorta gol o‘tkazib yubormagan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi turnir g‘olibiga aylandi. Qatar hisobida 4 ochko bor. Mezbonlar Qirg‘izistonga qarshi ilk o‘yinda 3:3 hisobiga imzo chekkan bo‘lsa, takroriysida 2:0 hisobida g‘olib chiqqandi.
Bugun — 6-iyul kuni Qatar va O‘zbekiston yoshlari ikkinchi o‘yinda maydonga tushadi.
Osiyo chempionatining saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bungacha Olmaliqda Rossiya terma jamoasidan 3:4 hisobida yengilgan, keyinroq Xitoyda mahalliy yoshlardan 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Izoh (0)