3-iyul, dushanba kuni poytaxtdagi Do‘stlik bog‘ida joylashgan Seul bog‘ida O‘zbekistondagi koreys diasporasi nomidan “O‘zbek xalqiga iliqlik va ezgulik uchun minnatdorlik” memorial yodgorligining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Yodgorlik koreys xalqining O‘rta Osiyo hududiga deportatsiya qilinishi boshlanganining 80 yilligiga bag‘ishlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Yodgorlik ochilish marosimida Seul meri Pak Von Sun ishtirok etdi. Toshkent va Seul 2011-yildan buyon birodarlashgan shaharlar bo‘lishiga qaramasdan, bu Janubiy Koreya poytaxti rahbarining O‘zbekistonga birinchi tashrifi hisoblanadi.
Marosimda Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonov hamda Koreya Respublikasi elchisi Kvon Yon U, shuningdek respublikadagi madaniy markazlar vakillari ham ishtirok etdi.
Koreyslarni Uzoq Sharqdan Markaziy Osiyoga ko‘chirish ishlari 1937-yilda boshlangan edi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududiga jami 172 ming nafarga yaqin koreyslar deportatsiya qilingan. Bugungi kunda faqatgina O‘zbekistonda 182 mingga yaqin koreys diasporasi vakili istiqomat qilmoqda.
Yodgorlikni o‘rnatish bo‘yicha tanlovda Artur Kvon g‘olib deb topildi. Uning qurilishi esa koreys diasporasi vakillari tomonidan moliyalashtirildi. Yodgorlik poyiga koreys tadbirkorlari va oddiy fuqarolar gulchambarlar qo‘ydi.
Izoh (0)