Qatar poytaxti Doha 22 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Three Nations Tournament musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. Unda to‘rt terma o‘zaro kurash olib borishi kerak edi. Biroq Iordaniya Qatarga tashrif buyura olmadi.
Ayni paytda mezbon Qatardan tashqari O‘zbekiston va Qirg‘iziston termalari turnirda ishtirok etmoqda. Uning birinchi o‘yinida Qatar va Qirg‘iziston U22 termalari o‘zaro durang o‘ynagandi. Keyingi ikki bellashuvda Ravshan Haydarov murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 6 ochko ishlashga muvaffaq bo‘ldi.
Dastlab Qirg‘iziston termasi, keyinroq Qatar 1:0 hisobida mag‘lub etildi. Qirg‘izistonga qarshi bellashuvda O‘zbekiston terma jamoasiga g‘alaba keltirgan gol 91-daqiqada Zabihullo O‘rinboyev tomonidan urildi. O‘FF vakili Sherzod Igamberdiyevning qayd etishicha, “Olmaliq” safida harakat qilayotgan O‘rinboyev so‘nggi 5 uchrashuvda 6 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga qadar u Qatar postiga uch marta yo‘l topgan bo‘lsa, keyinroq Rossiya, Xitoy va Qirg‘iziston termalariga gol urdi.
O‘FF rasmiy sayti ma’lumotiga ko‘ra, mezbon Qatar mag‘lub etilgan o‘yinda Andrey Sidirov 15-daqiqada o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan.
Reglamentga ko‘ra, turnirda ishtirok etayotgan uch terma jamoa yana bir martadan o‘zaro o‘ynab chiqadi.
Ma’lumot uchun, Ravshan Haydarov shogirdlari iyul oyining ekvatorida Osiyo chempionatiga saralash turnirida ishtirok etadi.
Izoh (0)