Xitoy futbol federatsiyasi mamlakatning 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarini yirik musobaqalarga tayyorlashning antiqa uslubini o‘ylab topdi va Germaniyaning to‘rtinchi divizioni bilan o‘zaro hamkorlik borasida kelishib oldi.
Kicker nashrining ma’lumot berishicha, Xitoy U20 terma jamoasi Germaniyaning quyi divizioniga 20-jamoa bo‘lib ro‘yxatga kiradi va unda konkursdan tashqari ishtirok etadi. Bunda xitoylik futbolchilar qolgan klublar kabi jami 38 ta uchrashuv o‘tkazadi. Biroq ular ishtirok etgan o‘yinlar natijasi turnir jadvalida aks etmaydi.
Xitoylik futbolchilarning qayerda istiqomat qilishi masalasi ochiq turibdi. Ma’lum tomoni shundaki, Xitoy futbol federatsiyasi har bir o‘yin uchun nemis klublariga 15 ming yevrodan pul beradi. To‘rtinchi divizion klublarining mana shunchadan pul ishlab, marketingini qisman rivojlantirib borishi germaniyaliklarning o‘ziga ham ma’qul kelgan.
Germaniya to‘rtinchi divizioni mamlakatning janubiy-g‘arbiy klublari ishtirok etadigan musobaqa hisoblanadi.
Xitoy U20 termasi nemis klublariga qarshi o‘yin va Germaniyadagi yillik tayyorgarlik bilan katta ehtimol bilan Tokio—2020 Olimpiadasi uchun tayyorgarlik ko‘rib boradi. Futboli tinimsiz taraqqiy etayotgan mamlakat jamoalari bilan o‘yinlarda futbolchilar toblanib boradi, murabbiyda o‘yin uslubini shakllantirib borish uchun imkoniyat kengroq bo‘ladi.
Izoh (0)