2017-yilning 5-iyul kuni soat 14:00 dan 16:00 gacha bo‘lib o‘tadigan tashqi ishlar vazirining vatandoshlar, jumladan, xorijdagi hamyurtlar bilan to‘g‘ridan-to‘gri muloqotiga tayyorgarlik davom etmoqda. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, hozirda vazirlik Xalqaro press-klub, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Milliy teleradiokompaniya hamda Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda muloqotni yuqori darajada tashkillashtirish, fuqarolar manfaatlariga daxldor masalalarni o‘z vaqtida yechish uchun tizimli ishlarni olib bormoqda.
“Vatandoshlarimizdan bizning manzilimizga kelib tushayotgan savollarning mazmuni va xarakteridan kelib chiqqan holda tadbirda mamlakatimiz vakolatli idoralari — Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligi mutaxassislarining ham ishtirok etishlari kutilmoqda”, — deyiladi xabarnomada.
Muloqotga jamoatchilik, milliy va xorijiy OAV vakillari ham taklif etiladi. Videokonferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish ishiga barcha xorijdagi vakolatxonalar jalb qilingan. Hozirgi kunda ular zarur texnik qurilma va videoapparatura moslamalari bilan to‘liq ta’minlangan.
Fuqarolarning xohishiga binoan va Toshkent shahri bilan vaqtdagi bir necha soatlik tafovutni inobatga olgan holda ayrim elchixona va bosh konsulxonalar tomonidan fuqarolar murojaatlari tasvirga olindi va ular tashqi ishlar vazirining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti doirasida namoyish etiladi.
Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi muassasalarga kelib tushgan murojaatlar diqqat bilan o‘rganilmoqda va ularning ba’zilari yuzasidan aniq qarorlar qabul qilindi hamda arizachiga o‘z vaqtida ma’lum qilindi.
Savollar miqdorining kattaligi va muloqotga ajratilgan vaqtning cheklanganligini inobatga olib, videokonferensiyada e’lon qilinmagan murojaatlar bo‘yicha arizasiga asosli javob beriladi.
Izoh (0)