Yangi rahbariyat qo‘liga o‘tgan va ikkinchi davra oldidan katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgan Toshkentning “Paxtakor” klubi yozgi transfer davomida bir qator futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin.
“Championat.asia” nashrining ma’lumot berishicha, toshkentliklar “Nasaf”ning ikki yetakchi futbolchisi bilan shartnoma imzolashi mumkin: darvozabon Eldor Suyunov va himoyachi Farrux Sayfiyev. Har ikki futbolchi ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari hisoblanadi.
O‘tgan yili “Buxoro” klubi safida 10 ta gol urgan va jamoasining kuchli to‘rtlikdan joy olishiga ko‘maklashgan Aziz Ibragimov ham “Paxtakor” libosini kiyishi mumkin. U qishda Eronning “Mashinasozi” klubi safiga o‘tgandi. Yarim yildan so‘ng Toshkentga qaytib kelishi katta ehtimol.
“Paxtakor”, shuningdek, ijara asosida to‘p surayotgan futbolchilarini ortga qaytarishi haqiqatga yaqin. Masalan, Xitoy chempionatida tuzukroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan Yegor Krimets, “Lokomotiv”ga ijaraga berilgan Jamoliddin Masharipov, “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilayotgan Javohir Siddiqov shular jumlasidandir.
Birinchi davra so‘nggida “Paxtakor”ni bosh murabbiy sifatida gruziyalik Shota Arveladze qabul qilib oladi.
Izoh (0)