GoblinsStoleMyHouse nikli Reddit foydalanuvchisi Kaliforniya shtatidagi Redondo-Bich shahri meriyasidan kesilgan daraxt uchun qanday qilib o‘ch olganini hikoya qilib berdi, deb xabar qiladi ForumDaily.
Post muallifi o‘zini arborist — daraxtlarni parvarishlash bo‘yicha mutaxassis deb ataydi.
Foydalanuvchining so‘zlariga qaraganda, u 30 yillik daraxtni parvarishlagan va hatto unga Klayd degan nom bergan.
Ammo 2014-yili meriya Klaydni kesib tashlashga qaror qilgan, negaki uning ildizlari piyodalar yo‘lkasiga ziyon yetkaza boshlagan, daraxt egasi esa daraxtning yo‘q qilinishi va yo‘lkaning buzilishi uchun pul to‘lashga majbur bo‘lgan, negaki Klayd uning hovlisida o‘sgan.
Shundan so‘ng arborist shahar hokimiyatidan o‘ch olish maqsadida shaharning turli hovlilarida yashirincha 127 sekvoya ekkan. Ulardan biri shahar kengashi oldida ekilgan. Uning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har bir daraxtning ildiz tizimi diametrida kamida 10 metrni tashkil qilgan. Yaqin vaqt ichida sekvoyalar tez o‘sa boshlaydi.
“Siz Klaydni o‘ldirdingiz, ammo men uni yuzdan ortiq tirik gigantlar bilan almashtirdim. Ular gigantga aylanadi. Ular 30–90 metrga o‘sib, 2,5 ming yildan ko‘proq yashaydi”, — deb yozdi arborist Reddit’da.
Uning hisob-kitoblariga qaraganda, bitta sekvoyani yo‘q qilish uchun hokimiyat bir yarim ming dollardan oshiq pul ishlatadi.
Ayrim foydalanuvchilar uning topqirligiga tan berdi. Boshqa birovlar uning so‘zlariga shubha bildirdi, negaki sekvoyalarga juda ko‘p yomg‘ir kerak, Kaliforniya esa qurg‘oqchil mintaqadir.
Izoh (0)