Toshkentning Kichik halqa yo‘lida 15-iyun, payshanba kuni inson o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa videoyozuvi Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida e’lon qilingan.
Videoda kattaroq bola o‘zidan kichik bolakayni qo‘lda ko‘tarib ketayotgani, so‘ng bolakayni yerga qo‘yganida, u yugurib ketganini ko‘rish mumkin. Bolakay yugurishda davom etarkan, uning oldidan paydo bo‘lgan Matiz bolakayni bosib ketdi.
Hodisa yuz berishi bilan Matiz haydovchisi avtomobildan tushib kelib, bolakayni mashinaga yotqizgan va uni hodisaga guvoh bo‘lgan yana bir kishi bilan birga kasalxonaga olib ketgan. Videoda bolani yerdan ko‘tarishgan vaqtda harakatsiz ekanini payqash mumkin.
“Voditeli Tashkenta”da xabar qoldirgan foydalanuvchi bolakay olingan jarohatlar oqibatida 16-iyunga o‘tar kechasi vafot etganini ma’lum qilgan.
Hodisa Facebook’dagi avtohavaskorlar guruhida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan. Foydalanuvchilarning aksariyati hodisada Matiz haydovchisini ayblab chiqqan. Ularning fikricha, haydovchi e’tiborliroq bo‘lishi zarur edi.
Boshqa bir guruh foydalanuvchilar mazkur hodisada faqat haydovchini ayblash to‘g‘ri emasligini ta’kidlagan. “Bu vaziyatda e’tiborsiz ota-onalarning, bolani boshqa bir bolaga ishonib topshirgan kattalarning ham aybi bor”, — deb yozadi ulardan biri.
Izoh (0)