Ostonada “Ekspo-2017: Kelajak energiyasi” Xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda, deb yozadi “110km.ru”. U yerda, shu jumladan, muqobil energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillarning uch xil namunasi taqdim etildi.
Birinchi eksponat — tomiga quyosh panellari o‘rnatilgan elektromobil konsepti.
Ikkinchisi — Matiz bazasidagi, vodorodda harakatlanuvchi sinov modeli. Ushbu avtomobilning o‘z analoglaridan asosiy farqli jihati shundaki, unda vodorod saqlanadigan bak yo‘q bo‘lib, bu esa yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlaydi. Bunday dvigatel ishining natijasi sifatida chiqarish tizimidan suv ajralib chiqadi.
Uchinchi ishlanma — elektro-kartingning tajribaviy platformasi, unda transport vositasining akkumulyator batareyalari, kuch elektromotorlari va barcha elektron tizimlari o‘zaro harakatlarining turli variantlari sinovdan o‘tkaziladi.
Ostonadagi ko‘rgazma joriy yilning 10-sentabriga qadar davom etadi.
Izoh (0)