Rio—2016 Olimpiadasi qahramonlaridan biri Ruslan Nuriddinov “Olamsport” sayti mehmoni bo‘ldi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Suhbat futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi keng muhokama qilinayotgan davrga to‘g‘ri kelgani uchun, og‘ir atletikachi futbol borasida berilgan savollarga ham javob qaytardi.
Ruslan Nuriddinov birinchi galda o‘zbekistonlik futbolchilarni inglizlar bilan solishtirdi va bu bilan bir qator muammolar yechimini ko‘rsatgandek bo‘ldi.
Shuni aniq bilamanki, Angliya klublarida umumjismoniy tayyorgarlik bo‘yicha alohida mashg‘ulot o‘tkaziladi. Futbolchilar trenajyor zalida majburiy ravishda ishlaydi. Murabbiylar bu jarayonga jiddiy e’tibor qaratadi. Bilishimcha, O‘zbekiston klublarining hammasida ham bunday emas. Ayrim grand klublarimizda umumjismoniy tayyorgarlik futbolchilar uchun ixtiyoriy ravishda berilgan ekan.Og‘ir atletikachi trenajyor mashg‘ulotlari haqida yaxshi tasavvurga ega ekani ma’lum. Xo‘sh, u futbolchilarga yordam bergan bo‘larmidi?Vaholanki, trenajyor zalidagi har bir mashg‘ulot futbolchining ma’lum bir mushagini rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Tez yugurish uchun oyoq mushaklari baquvvat bo‘lishi shart. Bizning futbolchilar nima uchun uzog‘i bilan 60 daqiqadan so‘ng charchab qolyapti? Chunki oyog‘ida kuch yo‘q. Tomir tortishishlar ham shundan. Zarbalar qanday berilayotganini ko‘ryapsiz. Faqat kross yugurish bilan futbolchi mukammallikka erishmaydi.
Ruslan Nuriddinov, Olimpiada chempioni
Yaqinda Ruslan Chagayev Germaniyaning “Shalke” klubiga master klass o‘tkazgani haqida o‘qidim. Juda qiziq loyiha. Agar menga Oliy liga klublari shunday taklif bilan chiqsami? Menimcha, qo‘limdan kelmaydi. Chunki men futbolga qiziqmayman. Shuning uchun bu yo‘nalishda maxsus mutaxassis ishlagani ma’qul.Ruslan Nuriddinov, Olimpiada chempioni
Olimpiadaga qadar jahon chempionligini qo‘lga kiritgan sportchi futbolchilar bilan qanday ishlash kerakligi borasida o‘z fikrini aytdi — avval natija, keyin esa pul.
Futbolda yaxshi natija yo‘q. Bilasizmi, eng ko‘p maoshni aynan futbolchilar oladi. Ularga yana nima kerak? Balki futbolchilar bilan ham bizga bo‘ladigan munosabat kabi ishlash kerakdir? Ya’ni, oldin natija, keyin pul. Tasavvur qiling, O‘zbekiston chempioni bo‘lgan futbolchiga mashina berilyapti. Agar og‘ir atletikada ham shunday bo‘lganida, o‘x-xo‘ mening mashinalarim soni qanchaga yetardi! Menga jahon chempioni bo‘lganimdan keyingina mashina berishgan.Tasavvur qiling, futbolchilarimiz jahon chempioni bo‘lishdi. Ularga mars sayyorasini sovg‘a qilisharkan-da! Aslida buning amalga oshmasligi aniq. Chunki biz nari borsa mundial yo‘llanmasini ham qo‘lga kirita olmayapmiz. Shunchaki taqqoslash uchun aytdim.
Ruslan Nuriddinov, Olimpiada chempioni
Izoh (0)