Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriyel va Avstriya kansleri Kristian Kern energetika sohasida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning kuchaytirilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tanqid ostiga oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Birinchi navbatda, biz Yevropa energiya ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi Yevropa korxonalariga tahdid tug‘ilayotganini ko‘rmoqdamiz”, — deyiladi siyosatchilarning qo‘shma bayonotida.
Shuningdek, hujjatda aytilishicha, sanksiyalarning kuchaytirilishi Yevropa kompaniyalarining iqtisodiy manfaatlariga zid kelishi hamda Yevropa va AQSh munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qonun loyihasi AQSh prezidentiga Rossiya tomonidan eksport quvurlarining qurilishiga bir martada 1 million dollar kiritgan yoki shu maqsadlarda uskuna, texnologiya va xizmatlar taqdim etgan shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etish huquqini beradi. Bunday tranzaksiyalarning yil davomidagi umumiy summasi 5 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, qonunga ko‘ra, AQSh “Shimoliy oqim 2” loyihasining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qiladi.