Qatar qurolli kuchlarining Yamandagi operatsiyalarda qatnashayotgan qismlari, shuningdek, harbiy aviatsiya mamlakatdan olib chiqildi. Amirlik Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya tarkibidan chiqarib yuborilganidan so‘ng shunday qarorga kelindi, deb xabar beradi “TASS”.
Poytaxt Dohada harbiylarni oliy martabali qo‘mondonlar kutib oldi.
Yamandagi havo operatsiyasida Qatar harbiy-havo kuchlarining o‘n qiruvchisi ishtirok etayotgan edi. Yer usti kampaniyasiga ming nafar askar jalb qilingan edi.
Muqaddam qator arab davlatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Ular qatoriga boshqa davlatlar qo‘shilib bormoqda. Jumladan, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Misr, BAA, Yaman, Liviya, Maldiv orollari, Mavrikiy va Komor orollari Qatar bilan diplomatik aloqalarini uzgan edi. O‘z navbatida, Qatar arab davlatlarining diplomatik aloqalarni uzish haqidagi qarorini noo‘rin deb baholadi. Qatarga qarshi sanksiyalar joriy etilish ehtimoli mamlakat aholisini oziq-ovqat zaxiralarini to‘ldirishga majbur qilmoqda.
Bundan tashqari, Eron Qatarga o‘z havo hududida parvozlar amalga oshirishga ruxsat berdi.
Izoh (0)