Bugun — 27-may kuni Toshkent vaqti bilan tungi 00:30 da Ispaniya kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi va unda “Barselona” mavsumni La liga debyutanti sifatida o‘tkazgan “Alaves”ga qarshi saf tortadi.
Ushbu to‘qnashuvdan so‘ng “Barselona” bosh murabbiyi Luis Enrike rasman ishdan ketadi. U “PSJ”ga qarshi 0:4 hisobi bilan yakuniga yetgan Chempionlar ligasi uchrashuvidan keyinoq mavsum so‘nggida iste’foga chiqishi haqida aytib o‘tgandi.
Luis Enrike boshqaruvidagi “Barselona” bu mavsum La liga chempionligini Madridning “Real” klubiga berib qo‘ydi. “Qirollik klubi” Chempionlar ligasida ham finalga yetib bordi, “Barselona” esa chorak finalda “Yuventus” dovonidan o‘ta olmadi.
Ispaniya kubogidagi g‘alaba Kataloniya klubini mavsumni sovrinsiz yakunlashdan qutqarib qolishi mumkin.
Final o‘yinida Madriddagi “Visente Kalderon” stadioni mezbonlik qiladi. Bu uchrashuv mazkur arenadagi so‘nggi futbol o‘yini bo‘lib tarixga kiradi. Kelasi mavsumdan boshlab “Visente Kalderon” egalari hisoblangan “Atletiko” futbolchilari yangi stadionda uy uchrashuvlarini o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” finalga qadar “Erkules” (1:1, 7:0), “Atletik” (1:2, 3:1), “Real Sosyedad” (1:0, 5:2), “Atletiko” (2:1, 1:1) klublarini turnirdan chiqarib yubordi. “Alaves” futbolchilari esa “Xinmastik” (3:0, 3:0), “Deportivo” (2:2, 1:1), “Alkorkon” (2:0, 0:0), “Selta” (0:0, 1:0) klublarini qoldirib ketdi.
Izoh (0)