Bir muddat ilgari Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev katta delegatsiya boshchiligida O‘zbekistonga tashrif buyurgani xabar qilingan edi. U mazkur tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar haqida O‘zA muxbiriga o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuv juda mazmunli bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning huquq-tartibot tizimi va soha xodimlari faoliyatini chuqur bilishi meni hayratga soldi”, — ta’kidladi Rossiya vakili.
“O‘zbekistonda jamoat tartibini saqlash, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor, soha xodimlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Rossiya huquq-tartibot organlari faoliyatiga tatbiq etish mumkin bo‘lgan jihatlarni belgilab oldik”.
“Uchrashuvda ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy mezoni jamoatchilik fikri bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Bu juda to‘g‘ri fikr. Tizim xodimlari faqat hisobot yoki statistika ma’lumotlariga asoslanib xotirjamlikka berilishi mumkin emas. Ularning ishi natijasini odamlar sezmaguncha huquq-tartibot organlari faoliyatini samarali, deb bo‘lmaydi”.
“Bugun imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2017–2018-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikka oid hujjatni amaliy mazmun bilan to‘ldirib boramiz”, — deb so‘zini yakunladi Kolokolsev.
Izoh (0)