Respublika bojxonachilari tomonidan qo‘lbola usulda ko‘paytirilgan kontrafakt disklarning noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga qarshi keng ko‘lamli chora tadbirlar olib borilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida mualliflik huquqlarini qo‘pol ravishda buzishga uringan tadbirkorlar faoliyati fosh qilindi.
Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga “Farg‘ona” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan D.Rahmonov boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashina belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashinaning yashirin joylariga xorijda ishlab chiqarilgan 5400 dona SD disklar yashirilganligi aniqlandi. Qonunbuzar kelgusida turli film va konsertlarni noqonuniy usulda ko‘paytirish uchun mo‘ljallangan ushbu disklarga tegishli bironta ham hujjatlarni bojxonachilarga taqdim qila olmadi.
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham hamkorlikdagi tadbirlar davomida kontrafakt disklarning ichki bozorlarda noqonuniy sotilishiga doir holatlarni fosh qildi. Xususan, Jizzax tumanida fuqaro Akmal Qosimovning noqonuniy qilmishiga chek qo‘yildi.
Amaldagi tartiblarga muvofiq uning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, bu yerda hech qanday hujjatlarsiz, tegishli davlat idoralaridan litsenziya olmasdan turib, turli film, konsert va boshva mavzudagi materiallar uy sharoitida ko‘paytirib, so‘ngra bozorlarga chiqarib kelingani aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida xonadonda 3 135 dona har xil formatdagi turli teleserial, badiiy va jangari film, klip, konsert hamda qo‘shiqlarni kontrafakt usulda DVD va CD disklarga yozib, sotish uchun tayyorlab qo‘yilgani hamda ularni ko‘paytirish uchun ishlatilgan kompyuter jamlanmalari va har xil rangli bo‘yoqlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)