O‘zbekiston Oliy sudi raisi Sh.G‘oziyev Surxondaryo viloyatida o‘tkazgan ikki kunlik sayyor qabulida tadbirkorlarning sud tizimi bilan bog‘liq murojaatlarini o‘rgandi, deb xabar beradi O‘zA.
Jumladan, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan termizlik Musurmonqul Xolmatov Sherobod tumanidagi Xo‘jaikon tuz konining davlat mulki bo‘lgan shifoxonasini xususiylashtirib olib, xususiy davolash maskaniga aylantirgan. Tabiiy tuz yordamida allergiya va bronxial astma kabi kasalliklarni davolashni yo‘lga qo‘ygan.
“Yetti yil davomida bu maskanda ko‘plab yurtdoshlarimiz dardiga malham topdi, – dedi M.Xolmatov. – Qonun doirasida xususiylashtirib berilgan mulkning egalik huquqini bekor qilish bo‘yicha Termiz tumanlararo fuqarolik sudi 2014-yil qaror chiqardi. 2015-yil ish qayta ko‘rilib, bizning foydamizga hal bo‘ldi. Shundan keyin ham sud jarayoni davom etdi. Xullas, o‘tgan yili mulkni bizdan olib qo‘yish bo‘yicha Oliy sudning qarori chiqdi. Xususiy mulkimizni hali olib qo‘yishmagan bo‘lsa-da, faoliyatimiz to‘xtab, binolarimiz qarovsiz holga kelib qolgan. Ushbu masalada Prezident Virtual qabulxonasiga murojaat etgan edik. Mana, bugun Oliy sud raisi bizni tinglab, muammoni o‘rgandi. Belgilangan muddatda qayta ko‘rib chiqib, qonuniy yechimini topishga va’da berdi”.
Oliy sud raisi qabulida Willi Betz Bolgariya–Germaniya kompaniyasi vakillari kompaniya tomonidan Termizda duch kelgan muammoning qisqa vaqtda qonuniy yechimini topilganidan mamnunligini aytib, davlat rahbaridan minnatdor ekanini bildirdi.
Sayyor qabulda Termiz shahri, Termiz, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on, Boysun, Angor tumanlarida istiqomat qilayotgan ayrim fuqarolarning uy-joy va yer uchastkasiga doir nizolar bilan bog‘liq murojaatlari ham tinglandi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)