15-aprel kuni Yuqori Chirchiq tumani hokimligida Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlari aholisi uchun tashkil etilgan sayyor qabul boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Hudud aholisi murojaatlarini tahlil qilganimizda, ularning ko‘p qismi mehnat va bandlik, ishga joylashish masalalaridan iborat ekani ma’lum bo‘ldi, — dedi Parkent tumani hokimi O‘ktam Alimov. — Belgilangan maydonlarda tokzorlar yaratilganidan keyin, aniqrog‘i kelgusi yili 9800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Tokzorlar to‘liq hosilga kirgandan keyin bu maydonlarga 34 ming ishchi kerak bo‘ladi”.
Parkent tumanini joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida 126 loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ulardan 21 tasi sanoat, 23 tasi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari, qolgani qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid loyihalardir.
Sayyor qabulda har ikki tuman aholisidan sog‘liqni saqlash masalasiga oid 10 ga yaqin murojaat bo‘ldi. Ularning aksariyati joyida hal qilindi, qolganlari qat’iy nazoratga olindi.
“Parkent tumani Qoraqalpoq qishlog‘idan keldim, — dedi 77 yoshli onaxon Anzirat Mahmudova. — Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga kasallikdan aziyat chekayotganim, davolanay desam, moddiy imkoniyatim yo‘qligini aytib murojaat qilgan edim. Mana, ko‘rdingiz, bugunoq kasalligim bo‘yicha Toshkent shahridagi kasalxonalardan biriga yo‘llanma berishdi, xotirjam bo‘ldim”.
Parkentlik Mahzuna Abdumo‘minova Cho‘lquduq mahallasidagi 10 sotixlik tashlandiq maydonda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, “Go‘zallik saloni” qurish niyati borligini aytdi.
“Yer ajratish, kredit olish masalasida tegishli idoralarga ko‘p murojaat qilib, ijobiy javob ololmagan edim, — dedi M.Abdumo‘minova. — Mana tuman hokimligi va tijorat banki mutasaddilari o‘z tadbirkorligimni boshlashim uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga va’da berdi. Yer ajratish masalasi uch kun ichida hal qilinadigan bo‘ldi”.
Yuqori Chirchiq tumani “Bolta” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Turg‘unboy Pirmatovning o‘z yashash manzili yaqinidan o‘tgan serqatnov yo‘lga svetofor o‘rnatishlarini so‘rab qilgan murojaati tuman ichki ishlar idorasi mutasaddilari tomonidan qanoatlantirildi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)