2017-yil 13-aprel kuni soat 07:50 da Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Bog‘iston” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-10 “Chorvoq suv ombori aylanma yo‘li”ning 47 km da yer ko‘chkisi sodir bo‘lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ko‘chki avtomobil yo‘lining o‘ng tomonidan pastlikka ko‘chgan. Ko‘chkining o‘lchami: eni 10-15 metr; balandligi (chuqurligi) 1-1,5 metr; uzunligi 10-14 metrni tashkil etadi.
Ko‘chki tushishi natijasida yo‘ldan o‘tayotgan Damas rusumli avtomobil pastga qulagan. Natijada avtomobilda bo‘lgan ikki nafar fuqaro jabrlangan.
Jabrlangan fuqarolarning biri Bo‘stonliq tumani Tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotganda vafot etgan.
Jabrlangan fuqarolar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani “Bog‘iston” MFYda istiqomat qilishi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent viloyati FVB, IIB, Bo‘stonliq tumani xokimiyati va “O‘zavtoyo‘l” xizmati bilan hamkorlikda ko‘chki tushgan avtomobil yo‘lini tozalash ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)