Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Xitoy bilan hududiy bahs mavzusiga aylangan orollardan biriga mamlakat bayrog‘ini shaxsan o‘rnatish rejasidan voz kechdi. Bu haqda u Saudiya Arabistonidagi yurtdoshlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb yozadi “TASS”.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u Pekinning tegishli iltimosidan so‘ng o‘z niyatidan voz kechgan. “Men Xitoy bilan do‘stligimizni qadrlaganim tufayli u yerga borib bayrog‘imizni o‘rnatmayman”, — dedi Duterte.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u Janubiy Xitoy dengizidagi Pekin Filippin bilan talashayotgan orollarga ham shaxsan tashrif buyurmoqchi emas.
O‘tgan hafta prezident 12-iyun — mamlakat mustaqilligi kunida Manila nazorati ostidagi bahsli Pagas oroliga jo‘nab, u yerda milliy bayroqni o‘rnatish niyati haqida ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)