Futbol bo‘yicha Argentina milliy terma jamoasiga ustozlik qilayotgan Edgardo Bausa o‘z vazifasidan ozod etildi, deb yozdi “Sports.ru”.
Nashr bunda mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Klaudio Tapianing bayonotiga asoslangan. Uning qayd etishicha, har ikki tomon Bausaning termadan ketishi borasida yakdil qarorga kelishga muvaffaq bo‘lgan.
Bausa Argentina terma jamoasini 2016-yilning avgust oyida qabul qilib olgandi. Saralashning 14-turidan keyin uning jamoasi 10 ta mamlakat orasida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu esa qit’alararo pley-offgagina yo‘llanma berib, Argentina terma jamoasini Okeaniya mintaqasi yetakchisi bilan to‘qnashtiradi.
Braziliya terma jamoasi esa mundial chiptasini birinchilardan bo‘lib qo‘lga kiritib bo‘ldi. Qit’ada unga raqobatchilik qiladigan eng yaxshi jamoada ishlar orqaga ketishni boshladi. Messini oldinda yana 3 ta o‘yinlik diskvalifikatsiya kutayotgani inobatga olinsa, yangi mutaxassisga oson bo‘lmasligi oydinlashadi.
Avvalroq “Sevilya” klubi bosh murabbiyi Xorxe Sampaoli Argentina terma jamoasini boshqarishga qarshi emasligi haqida aytib o‘tgandi.
Izoh (0)