“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati fuqarodan kelib tushgan murojaatni o‘rganib chiqib, ish vaqtida qo‘l telefonidan foydalangan 58-avtobus haydovchisini ishdan bo‘shatdi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhining tashkilotga shikoyat qilgan a’zosi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, u “Toshshahartransxizmat”ning elektron pochtasiga 58-yo‘nalish avtobusi haydovchisi boshqaruv paytida telefondan foydalanganligi haqida va TashBus mobil dasturi orqali boshqa yo‘nalishli avtobuslar harakatini nazorat qilib, yo‘nalish intizomini va harakat xavfsizligi qoidalarini buzganligi haqida murojaat yuborgan.
Guruh a’zosi postga ilova qilgan, “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi jo‘natgan xatda aytilishicha, “avtokorxona xodimlari tomonidan bu holat chuqur tahlil qilinib, oraliq bekatlarda me’yordan ortiq turmaslik, tezlikni oshirmaslik, avtobuslarning sanitar holati, GPS-trekerlarga sun’iy ta’sir ko‘rsatmaslik, avtobusni boshqarish paytida qo‘l telefonlaridan foydalanmaslik va yo‘lovchilar bilan xushmuomala bo‘lish haqida haydovchi va chiptachilar bilan yo‘riqnoma o‘tkazilgan”.
“Avtokorxonada bunday holatlarning oldini olish va haydovchilarga ibrat bo‘lish maqsadida… 58-yo‘nalish haydovchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi”, — deyiladi xatda. Shuningdek, unga buyruq nusxasi ham ilova qilingan.
Izoh (0)