Angliya poytaxti politsiyasining London xizmati (Skotland-Yard) komissari etib Kressida Dik tayinlandi, deb yozadi Meduza. U bo‘linmaning 188 yillik tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk ayolga aylandi.
Kressida Dik 56 yoshda. U 30 yildan oshiq vaqt davomida politsiyada xizmat qildi, 2011—2015-yillarda komissar yordamchisi bo‘lib ishladi va Skotland-Yard faoliyatining aksilterrorchilik yo‘nalishi uchun mas’ul bo‘ldi. So‘nggi ikki yil davomida u tashqi ishlar vazirligida xavfsizlik sohasi bilan bog‘liq yuqori lavozimda ishladi.
Poytaxt politsiyasining London xizmati (Skotland-Yard) — Buyuk Britaniyadagi eng yirik politsiya bo‘linmasi. Xizmatning majburiyatlariga Katta London (Sitidan tashqari) hududida politsiya funksiyasini bajarish, shuningdek, butun mamlakat hududida terrorizmga qarshi kurash hamda qirollik oilasi va hukumat a’zolarini qo‘riqlash kiradi.
Izoh (0)