Kanadaning Vinnipeg shahar sudi 43 yoshli ayol Andrea Gizbrextni olti embrion jasadini saqlash kamerasida yashirganlikda aybdor deb topdi. Bu haqda 6-fevral, dushanba kuni Reuters agentligi ma’lum qildi.
Gizbrextga nisbatan ayblov 2014-yilning oktabrida ilgari surilgan edi. O‘shanda saqlash kameralariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya xodimlari shkafchadan chaqaloqlarning jasadini topgan edi. Politsiyaning aniqlashicha, u yerda 34—40 akusher haftalik bo‘lgan besh nafar o‘g‘il va bir qizning jasadi bo‘lgan.
Chaqaloqlar jasadi chiqindi qoplari, plastik konteyner va chelaklarda bolalar o‘yinchog‘i va kiyimlari bilan birga saqlangan. Embrionlardan biri ustidan sement quyilgan, yana biri yuvish vositasi ichida bo‘lgan.
Politsiya DNK ekspertizasi yordamida olti nafar bolaning ota-onasi Gizbrext va uning eri ekanligini aniqladi.
Sud jarayonida Gizbrextning advokatlari ayol jasadlarni yashirishga urinmaganligini ta’kidladi. Biroq sudya Myurrey Tompson ayol bolalar jasadini yashirishga uringan deb topdi. Chunki u shkafchani yolg‘on manzildan foydalanib, qizlik familiyasiga ijaraga olgan. Shu bilan birga sudya ekspertlarning chaqaloqlar tirik tug‘ilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosasini ham inobatga oldi.
Gizbrext ayblovning olti bandi bo‘yicha aybdor deb topildi. Ikki nafar bolani tarbiya qilayotgan ayolga nisbatan hukm keyinroq chiqariladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)