Angliyaning “Manchester Yunayted” futbol klubi uchun 34 million yevroga tushgan Memfis Depay faoliyatini Fransiyaning “Lion” klubida davom ettiradi. Futbolchi lionliklar bilan 2021-yilning yoziga qadar bo‘lgan shartnomaga imzo chekdi, deb xabar qildi “Sports.ru”.
22 yoshli gollandiyalik futbolchi “Yunayted” safida kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi. Lui Van Gal davrida Manchesterga kelib qolgan yigit, o‘zidan avval mashhur futbolchilar to‘p surgan 7-raqamni tanlagandi. Biroq uning bosimiga dosh bera olmadi. Sir emaski, bu raqam o‘z vaqtida Erik Kontana, Devid Bekhem, Krishtianu Ronaldu kabi futbolchilarga tegishli bo‘lgan.
Depayni xarid qilishdan “Manchester Yunayted” zarar ko‘rdi deyish mumkin. 34 million sarf etilgan futbolchini qo‘lga kiritish “Lion”ga 16 million yevroga tushdi. Yana 9 million futbolchining keyingi faoliyatiga qarab, bonus sifatida Angliya klubiga o‘tkazib berilishi mumkin.
Memfisni Manchester klubiga sotgan “PSV” yangi transferdan 600 ming yevro ishlab olgan.
Izoh (0)