Amirlik yig‘inida bo‘lib turgan Sankt-Peturburgning “Zenit” va Toshkentning “Lokomotiv” klublari o‘zaro o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi xabar berilgan bo‘lib, “Zenit” toshkentliklar darvozasiga nechta gol urishi borasida so‘rovnoma ham o‘tkazilgandi.
Bunga asosiy sabab — 2012-yilgi o‘zaro to‘qnashuvda “Zenit”ning 4:0 hisobida zafar quchgani edi. Oradan besh yil o‘tib kuchlar ancha tenglashib qolgani ko‘rindi. Mirko Yelichich hamda Mircha Luchesko to‘qnashuvida hisob ochilmadi — 0:0.
Qayd etish kerak, “Zenit” Rossiya Premyer-ligasida Moskvaning “Spartak” klubidan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Osiyo chempionlar ligasi musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Lokomotiv” esa O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblanadi.
“Zenit” Amirlik yig‘ini doirasida Xitoyning “Chanchun Yatai” klubi darvozasiga 5 ta gol urgan bo‘lsa, Ummon jamoasi postini 14 bor ishg‘ol qilgandi. “Lokomotiv” esa o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi.
Ma’lumot uchun, “Lokomotiv” chempionlar ligasining joriy masumdagi birinchi uchrashuvini 20-fevral kuni Saudiya Arabistonida “At-Tavun” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Izoh (0)