20-yanvar kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning maslahatlashuvlarida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda ShHT bosh kotibi Rashid Alimov va ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ham ishtirok etdi.
Uchrashuv oldidan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov delegatsiyalar rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rinbosarlari tashkilotni kengaytirish nuqtai nazaridan ShHT doirasidagi hamkorlikning amaliy masalalarini ko‘rib chiqdi.
ShHT doirasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar va amaliy chora-tadbirlarning batafsil muhokama qilindi. ShHT hududida tinchlik va barqarorlikni saqlash, farovonlik va taraqqiyotni ta’minlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga a’zo davlatlar tayyor ekanligi yakdillik bilan tasdiqlandi.
Maslahatlashuvlar chog‘ida tashkilotni kengaytirish jarayonining muvaffaqiyatli borishi, avvalambor, Hindiston va Pokistonning to‘laqonli a’zolikka qabul qilinishi ko‘p qirrali teng huquqli hamkorlik salohiyatining yanada ortishiga, ShHTning xalqaro nufuzi va rolining oshishiga imkon yaratishi qayd etildi.
Izoh (0)