Xitoyning Nankin shahri kollejlaridan birida eksperimental tizim joriy etildi. Tizim yordamida o‘quvchilar maxsus “baholar banki”dan baholarni kreditga olishi mumkin, deb yozadi TJournal.
Tajribada ishtirok etish taklif qilingan sinfning 49 talabasidan 13 nafari kreditga murojaat qilgan.
Bunday kredit yordamida past ballning o‘rnini qoplash mumkin, ammo keyinroq kreditni baholar bilan qaytarishga to‘g‘ri keladi. Baholarni keyingi imtihonlarda yoki qo‘shimcha tadbirlar — ommaviy taqdimotlar yoki laboratoriya tajribalarida qatnashish orqali olish mumkin.
Banklarning odatiy amaliyoti kabi tizim qarz oluvchi kafil taqdim etishini talab etadi. Qarzdor qarzini o‘zi qaytara olmaganda, kafil qarzni qaytarishi kerak bo‘ladi. Tajribaning har bir ishtirokchisi uchun kredit reytingi yuritiladi.
Weibo ijtimoiy tarmog‘ida “baholar banki”ga nisbatan turlicha fikrlar bildirilmoqda. Ba’zi foydalanuvchilar bu g‘oya bir marta xato qilgan talabalarga yana bir imkon berishini qayd etsa, boshqalari tizim imtihonlarga hurmatning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin deb hisoblamoqda.
Kollej direktori talabalar taqdirini bitta imtihonga bog‘lamasdan, umumiy baho berish yaxshiroq ekanligini ta’kidladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)