2016-yilning aprel oyida Shvetsiya yengil atletika terma jamoasi bosh murabbiyi Ulf Karlsson mamlakatning eng yaxshi futbolchisi Zlatan Ibrahimovichni doping iste’mol qilganlikda ayblagandi, deb yozdi “Sports.ru”.
Mutaxassis iddaosiga ko‘ra, Ibrahimovich “Yuventus” sharafini himoya qilayotganida muskullarini 10 kilogrammgacha shishirish maqsadida dopingdan foydalangan. Qayd etish kerak, Zlatan 2004—2006-yilgi mavsumlarda Turin klubida to‘p surgandi.
Ayblovdan so‘ng Zlatan Ibrahimovich Shvetsiyaning Vermland okrug sudiga da’vo arizasi topshirgan. Sud esa o‘z qarorini 2017-yilning yanvar oyiga kelibgina o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, Karlsson qattiq tuhmat qilganlikda ayblandi va 24 ming shved kroni (2,5 ming yevro) miqdorida jarimaga tortildi.
Ma’lumot uchun, Ibrahimovich “Manchester Yunayted” a’zosi bo‘lib, yarim mavsumning o‘zidayoq shu klubning o‘tgan mavsumdagi to‘purari urgan jamiki goldan ko‘proq gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Izoh (0)