Xalqaro kosmik stansiya ekipaji a’zolari — amerikalik astronavtlar Robert Sheyn Kimbro va Peggi Uitson joriy yil hisobiga ochiq fazoga birinchi marotaba chiqishlarida stansiya tashqi yuzasiga uchta yangi litiy-ionli akkumulyator batareyalarini o‘rnatdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Batareyalar stansiyaga 13-dekabr kuni Yaponiyaning H-II Transfer Vehicle (HTV) transport fazo kemasi bilan yetkazilgan hamda Dextre distansion manipulyatori yordamida o‘rnatiladigan joylariga oldindan olib borilgan edi.
10 yil ishlab bergan eski nikel-vodorod batareyalari uyqu rejimiga o‘tkazildi.
Astronavtlar ishni rejadagidan bir soat oldinroq bitirayotgani bois Xyustondagi boshqaruv markazi ularga ikki qo‘shimcha topshiriq berdi. Peggi Uitson nosozlik kuzatilgan yoritish uskunalaridan birini yechib olishi, Robert Sheyn Kimbro esa 2011-yili stansiyaga yetkazilgan alfa-spektrometrni suratga olishi lozim.
Sheyn Kimbroning Yevropa kosmik agentligi astronavti Tom Peske bilan birga ikkinchi marta ochiq fazoga chiqishi 13-yanvarga mo‘ljallangan.