AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner Vashingtonda sotib olish uchun yangi uy topdi, deb yozadi “TASS”. Ular dekabrda Nyu-Yorkdan Vashingtonga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan edi.
The Washingtonian nashri qimmatbaho uy-joy sotish bo‘yicha mahalliy agentliklardan biriga tayanib yozishicha, uch farzandli er-xotin allaqachon barcha zarur hujjatlarni imzolab bo‘lgan. Ivanka Tramp va Jared Kushner nufuzli Kalorama tumanida, AQSh ma’muriyatining amaldagi rahbari Barak Obama ko‘chib o‘tishga qaror qilgan joy yaqinida yashaydi. AQShning 44-prezidenti avvalroq ishni yangi prezidentga topshirgach, rafiqasi Mishel va kenja qizi Sasha bilan, u maktabni bitirguniga qadar Vashingtonda yana bir necha yil yashashga qaror qilgan edi.
Ivanka va Jared yashaydigan uch qavatli dang‘illama uyda oltita yotoqxona bor. Uyning narxi 5,5 million dollarga teng.