Xitoyning “Beytszing Goan” klubini boshqarish uchun Xitoyga ispaniyalik mutaxassis Xose Manuel Gonsales yetib keldi, deb yozdi “Championat.asia”. Qayd etish kerak, mazkur klub safida O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Yegor Krimets to‘p suradi.
Gonsales 2014—2016-yillar davomida “Beytszing Goan” bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan Gregorio Mansanoga yordamchilik qilgan. 2001-yildan buyon murabbiy sifatida ishlab kelayotgan mutaxassis bunga qadar Ispaniyaning “Kadis”, “Albasete”, “Kordoba”, “Mursiya”, “Granada” kabi klublarini boshqargan. Futbolchilik vaqtida esa “Kadis”, “Malyorka”, “Albasete”, “Rayo Valyekano”, “Malaga” kabi ispan klublarida va Xitoyning “Tianjin Samsung” jamoasida o‘ynagan.
Ma’lumot uchun, “Beytszing Goan” klubini 2015-yilgi mavsumning birinchi yarmida italiyalik Alberto Dzakkeroni boshqarib borgan bo‘lib, uning iste’fosidan keyin mahalliy mutaxassislardan biri Sye Feng jamoa boshqaruvini qo‘lga olgandi.
2016-yilning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev ham mazkur jamoa safiga borib qo‘shilgandi. Biroq mavsum so‘nggida u ortga qaytib keldi. O‘zbekistonlik futbolchi Xitoy Super Ligasida o‘zini ko‘rsata olmadi. U bilan deyarli bir vaqtda olib kelingan turkiyalik Burak Yilmaz esa 17 ta o‘yinda 11 ta gol urib, to‘purarlar ro‘yxatiga kirib olgandi.
Izoh (0)