O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ushbu mamlakat rahbari Si Szinpinga maktub yo‘lladi. Maktub matni O‘zAda keltirildi.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Mamlakatlarimizning har tomonlama va samarali hamkorligining unutilmas solnomasidagi muhim sana — O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqi nomidan Sizni va butun Xitoy xalqini samimiy tabriklash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston va Xitoy aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi. Xalqlarimiz o‘rtasida azal-azaldan barqaror savdo-sotiq, ilm-fan va gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, madaniyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bir-birini boyitgani haqidagi ko‘plab yorqin misollar tarix sahifalariga muhrlangan.
Izchil va muttasil rivojlanib borayotgan, jahonda ulkan nufuz va ta’sirga ega Xitoy O‘zbekistonning yaqin va ishonchli hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkam an’anaviy do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida muntazam rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari bugungi kunda avvalo Sizning shaxsiy tashabbusingiz tufayli tom ma’noda har tomonlama chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli mazmun kasb etgan hamkorlikka aylandi. Tomonlarning izchil va qat’iy sa’y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlik shakllandi, davlatlararo va hukumatlararo tashriflar muntazamlik kasb etdi.
Biz Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan va chuqur o‘ylangan, vazmin tashqi siyosat yo‘li, yagona Xitoy siyosati, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlarni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz.
O‘zbekiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida Xitoy bilan bundan keyin ham amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgan bo‘lib, uning eng muhim asosi bo‘lgan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro aloqalarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Sizning 2016 yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifingizni, uning doirasida tarixiy ahamiyatga ega Qo‘shma bayonot imzolanganini hamisha katta mamnuniyat bilan eslaymiz. Ushbu hujjat O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.
Savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlar alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh etish va modernizatsiya qilish borasidagi eng muhim dasturlarni Xitoy izchil qo‘llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Xitoy ko‘magi va ishtirokida sanoat, energetika, transport, telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda keng miqyosli yuqori texnologik investitsion loyihalar amalga oshirildi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki faoliyat boshlagani iqtisodiy hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Yaqin kelajakda bo‘ladigan oliy darajadagi uchrashuv O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining har tomonlama rivojiga yanada jadal sur’at bag‘ishlashiga, o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorligimizning barcha masalalari bo‘yicha muloqotlarimizni davom ettirish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizni, muhtaram Si Szinpin janoblari, oila a’zolaringiz va yaqinlaringizni chin qalbimdan Yangi yil bilan tabriklab, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatingizga zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga farovonlik va taraqqiyot tilayman.
Chuqur ehtirom bilan,
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Izoh (0)