Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida to‘p suradigan futbolchilarning 75 foizi erkin agentga aylandi, deb xabar berdi “Championat.asia” nashri.
Boisi futbolchilarning aynan shuncha foizi o‘z klubi bilan 1 yillik shartnomaga imzo chekishga odatlangan. Bunda shartnoma yilning so‘nggi kuni bo‘lgan 31-dekabrga qadar davom etadi va futbolchi o‘z-o‘zidan erkin agentga aylanib qoladi. Bugun esa 2017-yilning ilk kuni — 1-yanvar.
Bunday vaqtda o‘zbekistonlik futbolchilar yaxshiroq ko‘tarma puli beradigan jamoa izlashga tushadi va o‘sha klub safiga borib qo‘shiladi. Amaldagi jamoasi uni o‘z safida olib qolishni istasa, har yili bo‘lgani kabi ko‘tarma puli taqdim etishi kerak.
O‘z ishini nisbatan yaxshiroq yo‘lga qo‘ygan klublarda esa bunday vaziyat kuzatilmaydi. Ular futbolchilar bilan bir necha yillik shartnoma imzolashga harakat qiladi. Bu bilan har yili ko‘tarma puli berishdan nafaqat qutiladi, balki xorij klublaridan taklif tushib qolganida, futbolchining orqasidan pul ham ishlab oladi.
Masalan “Al-Jaish” Sardor Rashidovni yoki “Anji” Odil Ahmedovni xarid qilishi uchun “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublariga pul o‘tkazib beradi. Ya’ni, futbolchini transfer bozoridagi kabi sotib oladi.
Bugun erkin agentga aylanib olgan futbolchilarni qo‘lga kiritishni istagan klub esa hech bir jamoa g‘aznasini boyitmaydi, balki futbolchining o‘zi bilan kelishib, uni olib ketaveradi.