Kalgari (Kanada) politsiyasi parvozdan avval samolyot kabinasida shirakayf holda uxlab qolgan uchuvchini qo‘lga oldi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Sunwing Airlines aviakompaniyasi samolyoti Meksikaga uchishi lozim edi. Uning bortida 99 nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bor edi.
Ekipaj uchuvchining g‘alati — “shod-xurram” holatiga u havo kemasiga chiqquncha e’tibor bergandi. Biroz vaqtdan so‘ng u layner kabinasida, “hushsiz ahvolda” topildi.
Ekspertiza uchuvchi mast ekanligini ko‘rsatdi, uning qonida alkogolning yuqori miqdori aniqlandi. Reys aviakompaniya uchuvchini almashtirganidan so‘ng amalga oshirildi.