Namangan shahrida tug‘ilgan, keyinroq oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan Tohir Usmonov Argentinaning “Boka Xuniors” klubi a’zosi hisoblanadi, deb yozdi “Vodiy Media”. Futbolchi bilan suhbat nashr tomonidan Youtube kanaliga yuklangan.
Tohir Usmonov 14 yoshida AQSh futbol jamoalaridan birida to‘p surgan, keyinroq esa skautlar uni Argentinaga taklif qilgan. Ko‘rikdagi 400 ga yaqin nomzodlar orasidan “Boka Xuniors” futbol klubi tomonidan 2 nafar futbolchi tanlab olingan: ispaniyalik yigit va o‘zbekistonlik Tohir Usmonov.
Futbolchining tan olishicha, u “Boka Xuniors”ning ikkinchi tarkibida to‘p tepadi. Unga ustozlik qilayotgan mutaxassis o‘z vaqtida Karlos Teves, Maradona kabi yulduzlar bilan bir jamoada ishlagan.
O‘zbekistonga 2—3 yilda bir kelib turadigan Tohir Usmonov onasiga “Navbahor”dan taklif bo‘lsa, buni jon deb qabul qilishini aytgan. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi formasini kiyish nasib qilsa, uning muvaffaqiyatlari yo‘lida jonini ham berishga tayyorligini bildirgan.
Suhbat davomida futbolchining yoshi nechada ekaniga oydinlik kiritilmagan. Biroq “Paxtakor” futbol maktabida to‘p surgani, “Andijon” klubining yoshlar jamoasida o‘ynagani ochiqlangan. U bahor mavsumidan boshlab Turkiyaga yo‘l olishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Namanganning “Navbahor” klubi O‘zbekiston Oliy Ligasidagi o‘rnini 2016-yilgi mavsumda arang saqlab qoldi. Ayni vaqtda klubda Ilhom Mo‘minjonov murabbiylik qiladi.
Tohir Usmonov bilan suhbatni quyida tomosha qilish mumkin.
Izoh (0)