27–28-dekabr kunlari Dushanbe shahrida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon qabul qilib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelish taklif etilgan maktubini topshirdi.
Hukumatlararo komissiya majlisi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Rustam Azimov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said raisligida o‘tdi.
Komissiya majlisi amaliy, o‘zaro hurmat va hamfikrlik ruhida o‘tdi. Majlis doirasida o‘zaro hamkorlikka oid ko‘plab dolzarb masalalar, jumladan, iqtisodiyot, savdo, transport, sanoat, madaniyat, ta’lim, sport va sog‘liqni saqlash sohalaridagi aloqalarning asosiy parametrlari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishning asosiy prinsip va yondashuvlari muhokama etildi.
Tomonlar muhokama qilingan va boshqa masalalarni hal etish yo‘llarini belgilab oldi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini 2017-yil Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Izoh (0)