Afrika Futbol Konfederatsiyasi 2016-yilning eng yaxshi afrikalik futbolchisi nomiga da’vogarlik qiladigan uch nafar nomzod nomini oshkor qildi.
Bu yo‘lda Dortmundning “Borussiya” klubi sharafini himoya qilayotgan Pyer-Emerik Obameyang (Gabon), “Liverpul” a’zosi Sadio Mane (Senegal) va “Lester”ning jazoirlik futbolchisi Riyod Mahrez raqobatda bo‘ladi.
Germaniya Bundesligasida to‘p suradigan Pyer-Emerik Obameyang yangi mavsumdagi 15 ta o‘yinida 16 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘tgan mavsum jamoasi uchun jami 49 ta bellashuvda maydonga tushib, 39 ta gol urgandi.
Sadio Manega Obameyangning sobiq ustozi Yurgen Klopp murabbiylik qilmoqda. Futbolchi joriy mavsum “Liverpul” safida 16 ta o‘yinda maydonga tushdi va 8 ta gol urdi. O‘tgan mavsumni “Sautgempton” safida o‘tkazib, 37 ta o‘yinda 11 ta gol urgani “Liverpul” rahbariyatining e’tiborini o‘ziga tortgandi.
Va nihoyat jazoirlik Riyod Mahrez haqida. Uning “Lester”i o‘tgan mavsum Angliya chempionligini tantana qildi. Riyod mavsum davomida Premyer-Liga doirasida 37 ta o‘yin o‘tkazib, 17 ta gol urdi. Joriy mavsum esa 17 ta o‘yinda uch bor muvaffaqiyat qozondi.
Afrika Futbol Konfederatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilning eng yaxshi futbolchisi nomi 5-yanvar kuni e’lon qilinadi. Ma’lumot uchun, Afrikada ketma-ket 4 yil Yaya Ture eng yaxshi futbolchi deb tan olinganidan keyin, 2015-yil bu sovrin Pyer-Emerik Obameyangga nasib qilgandi. O‘tgan mavsum Yaya Ture ikkinchi, Andre Ayyu uchinchi bo‘lgan.
Izoh (0)