Qirg‘izistonning Turkiyadagi elchisi Ibrohim Junusov zarur bo‘lsa, Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovning o‘limi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga tayyor. Bu haqda Junusov Qirg‘izistonning “24” axborot agentligiga ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Agar kerak bo‘lsa, Rossiyaning Turkiyadagi elchisi o‘limi bo‘yicha barcha zarur ko‘rsatmalarni beraman”, — dedi qirg‘izistonlik diplomat. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolli hujum chog‘ida u va uning rossiyalik hamkasbi Anqaradagi ko‘rgazmaning ochilish marosimida bo‘lgan. “Ko‘rgazma Rossiyaga bag‘ishlangan. Turkiyalik fotorassomlar o‘zlarining ushbu mamlakatga nigohini ko‘rsatib berdi”, — dedi Qirg‘iziston elchisi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, o‘q uzish boshlanganda marosimdagi barcha ishtirokchilar yerga yotgan. “Terrorchi otaverdi, otaverdi va ‘Ollohu akbar!’ deb baqirdi. U butun o‘qdonni tugatdi”, — dedi Junusov.
U, shuningdek, ko‘rgazma ochilishida terrorchi odamlarning asosiy guruhi orqa tomonida turganini ta’kidladi. “Uning pidjagi qaytarma yoqasida maxsus nishoncha bor edi, shuning uchun biz uni soqchi deb o‘yladik”, — dedi elchi.
Eslatib o‘tamiz, Anqaradagi Zamonaviy san’atlar markazida rasm ko‘rgazmasi ochilish marosimida Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovga suiqasd uyushtirildi.
Izoh (0)