Pakistan International Airlines aviakompaniyasi xodimlari Islomobod aeroportidagi uchish maydonida qora echkini qurbonlik keltirdi, deb yozadi Daily Pakistan.
Marosim 18-dekabr, yakshanba kuni samolyotga ko‘z tegishiga qarshi o‘tkazildi.
ATR samolyoti fuqarolik aviatsiyasi tomonidan tayinlangan tekshirish o‘tkazilgandan keyin ilk bor Pokistonning Mo‘lton shahriga parvoz qilishidan bir necha daqiqa avval uchish maydonida echki so‘yildi. Tekshirish o‘tkazilishi uchun Avions de Transport Regional kompaniyasi (PIA) o‘nta havo kemasi parvozini to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi. Mo‘ltonga reys muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi ta’kidlanmoqda.
O‘tgan hafta Mo‘ltondagi uchish-qo‘nish yo‘lagida ATR samolyoti parvoz oldidan yonib ketgandan so‘ng, fuqarolik aviatsiyasi tekshirish o‘tkazishni talab qildi. O‘shanda samolyot salonida 48 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
8-dekabr kuni PIA uchuvchisi ATR dvigatelidagi muammo tufayli reysni amalga oshirishdan bosh tortgan edi. Undan bir kun avval Xayber-Paxtunxva viloyatida ushbu aviakompaniyaning yana bir ATR samolyoti halokatga uchrashi oqibatida 47 kishi halok bo‘lgan edi.
“Ehtimol aviakompaniya barchasi iziga tushib ketishiga umidini yo‘qotib, vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li qurbonlik keltirish ekanligini his qilayotgandir”, — deb ta’kidlaydi Daily Pakistan nashri.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.