Rossiya Fanlar Akademiyasi Sibir bo‘limi Sitologiya va genetika instituti olimlari semirishga genetik moyillikni “to‘qlik gormoni” yordamida davolash yo‘llarini qidirmoqda. Istiqbolda tadqiqot natijalari ortiqcha vazn sohiblarining muammolarini hal qilishda yordam berishi mumkin, deb xabar qiladi “TASS”.
“Yellow mutatsiyasiga uchragan genlar ekspressiyasi haqidagi yangi ma’lumotlar kelajakda bunday mutatsiyaga uchragan odamlarda semirishni davolashda yordam berishi mumkin”, — dedi Novosibirsk davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti talabasi Anna Kuleshova.
Leptin peptidli gormoni yog‘ to‘qimasida ishlab chiqarilib, organizmda energiya almashuvi va tana massasi regulyatsiyasida ishtirok etadi. U gipotalamus retseptorlarini faollashtirib, bu bilan modda almashishini me’yoriga soladi. Leptin konsentratsiyasining tushib ketishi semirishga olib keladi. Yellow mutatsiyasi oqibatida esa organizm gipotalamus retseptorlarini bloklaydigan oqsillarni ishlab chiqara boshlaydi. Shundan so‘ng ishtaha ochilib, energiya sarfi kamayadi, yosh o‘tishi bilan bu semirishga olib keladi. Olimlarning fikricha, leptin vazn tushishiga ko‘mak beradi.
2016-yil yozining to‘qqiz haftasi davomida universitet fiziologik genetika laboratoriyasida tadqiqotchilar leptinni yellow mutatsiyasiga uchragan sichqonlar terisi ostiga kiritdi. Bu kemiruvchilar qonidagi insulin, glyukoza, triglitserid va yog‘ kislotalari darajasi o‘lchab kelindi. Hozir statistik hisob-kitoblar ketmoqda. U tajribadan o‘tkazilgan kemiruvchilar genlari ekspressiyasidagi o‘zgarishlarni tajribada ishtirok etmagan sichqonlarniki bilan qiyoslab ko‘rish imkonini beradi.
Tajribalar hozircha fundamental xarakterga ega — leptin yordamida semizlikni davolash hali juda qimmat turadi.
Izoh (0)