13-dekabrdan 14-dekabrga o‘tar tunda 2016-yilning oxirgi super Oyini kuzatish mumkin bo‘ladi.
NASA saytida ma’lum qilinishicha, ushbu tabiiy hodisa davomida Oy shu darajada yorqin bo‘ladiki, boshqa astronomik hodisa — yilning eng kuchli meteor oqimini (Geminida) chetga surib qo‘yadi.
Shu munosabat bilan “TASS” super Oyga oid asosiy savollarga javoblar qidirib ko‘rdi.
Super Oy nima?
Ushbu astronomik hodisa chog‘ida yangi Oy yoki to‘lin Oy fazasi Oyning Yerga eng yaqin kelish pallasi — perigeyga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi holatda Oy yanada yorqinroq bo‘ladi, yangi Oy fazasida esa super Oy nisbatan xiraroq bo‘ladi.Shu bilan birga, olimlarning fikricha, ko‘pgina odamlar super Oyni oddiy to‘lin Oydan ajrata olmaydi.
“Oyning o‘lchamidagi farqni hech kim ajrata olmaydi, negaki u ulkanlashib ketmaydi”, — deb tushuntiradi buni Rossiyaning yetakchi astronomlaridan biri, Moskva Davlat universitetining P. K. Shternberg nomidagi Davlat astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Sergey Popov.
Super Oy atamasining o‘zi astronomlar emas, munajjimlar tomonidan o‘ylab topilgan. Ilmiy adabiyotda bu hodisa “Yer–Oy–Quyosh tizimi sigiziy-perigei” yoki “yangi Oy/to‘lin Oy perigei” deb ataladi.
Bu hodisa yiliga necha marta kuzatiladi?
Aniq davriyligi yo‘q.2016-yilda uch marta kuzatildi (16-oktabr, 14-noyabr, 14-dekabr), 2017-yilda esa bitta super Oyni kuzatish mumkin bo‘ladi (3-dekabr).
Super Oy xavflimi?
NASA mutaxassislari ma’lum qilganidek, super Oy insonlarning ruhiy holatida aks etmaydi, ommaviy tarzda uyqu buzilishiga olib kelmaydi, tabiiy ofatlarga sabab bo‘lmaydi, suv ko‘tarilishi va tushishiga halokatli ta’sir ko‘rsatmaydi.Umuman olganda, olimlarning qayd qilishicha, super Oy chiroyli vizual effektdan boshqa narsa emas.
Izoh (0)