NATO Suriyada Bashar Asadning Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan hukumat armiyasi hujumlarining davom etayotganligidan tashvishlanmoqda. Bu haqda alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
“Biz Suriyadagi qurolli mojaroda zo‘ravonlikni to‘xtatish va gumanitar yordam yetkazishni qayta yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oluvchi siyosiy yechimga da’vat qilishda davom etamiz”, — deya ta’kidladi u.
Stoltenberg, shuningdek, Suriya va Iroqdagi mojarolarda AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning roliga urg‘u berdi. Uning so‘zlariga qaraganda, ikki mamlakatda koalitsiya hujum harakatlarini davom ettirmoqda, IShID esa chekinmoqda.
“Mosul qulagandan keyin mahalliy qurolli kuchlar hududni qo‘ldan chiqarmasligi lozim, buning uchun ularning potensialini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi Stoltenberg.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)